Loading...

OIV Yuqish Yo'llari

OIV infeksiyasi uzoq davom etuvchi surunkali yuqumli infeksiyalar qatoriga kiradigan antroponoz kasallikdir. Shaxsning virusni yuqtirib olishga moyilligi uning jinsi va yoshidan qat’iy nazar bir xil hisoblanadi.

Odam immuntanqislik virusini yuqtirib olgan shaxslar infeksiyaning manbai hisoblanadi. OIVga quyidagi xususiyatlar xosdir: qaynatilganda (100°S) virus 1-2 daqiqadan keyin o‘ladi, 70° gacha isitganda 10 daqiqadan keyin, 56° gacha isitganda 30 daqiqadan keyin faolligi yo‘qoladi.

Odatdagi dezinfeksiyalovchi moddalarning eritmalari 3% vodorod peroksidi, 5% lizol, 0,5% xlorli dezinfeksiyalovchi vositalar, 1% glyutaral aldegid, 70% etanol, efir, atseton virusni o‘ldiradi. Virus donordan olingan qon va muzlatilgan zardobda yillar davomida, tashqi muhitda quritilgan holatda +22OS haroratda 4-6 kungacha saqlanishi mumkin. So‘lak va terning himoya fermentlari virusning faolligini susaytiradi.

OIV quyidagi biologik suyuqliklarda yuqori kontsentratsiyada uchraydi:

  1. Qon
  2. Erkaklar va ayollar jinsiy a’zolari suyuqligi
  3. Ona suti

Qolgan biologik substratlarda OIV yuqishi uchun etarli bo‘lmagan kontsentratsiyada bo‘ladi. Shu sababli so‘lak, ter, burundan oqadigan suyuqlik, balg‘am, ko‘z yoshi, peshob, najas va qusuq moddalari (tarkibida qon saqlamasa) epidemiologik nuqtai nazardan xavfli hisoblanmaydi. Biroq ushbu suyuqliklarga ko‘zga ko‘rinarli darajada qon aralashgan bo‘lsa, ular potensial havfli hisoblanadi.

Quyidagi suyuqliklar orqali OIVning yuqish xavfi epidemiologik nuqtai nazardan past hisoblanadi:

  1. Orqa miya suyuqligi
  2. Sinovial suyuqlik
  3. Plevral suyuqlik
  4. Peritoneal suyuqlik
  5. Perikardial suyuqlik
  6. Amniotik suyuqlik

Hozirgi vaqtda OIVni uchta yo‘l bilan yuqishi tasdiqlangan:

Jinsiy yo‘l – OIV infeksiyali shaxs bilan jinsiy aloqada bo‘lganda yuqadi.

Parenteral yo‘l - OIV mavjud bo‘lgan qon, uning tarkibiy qismlari va komponentlari quyilganda, a’zo va to‘qimalar transplantatsiyasida, ekstrakorporal urug‘lantirish o‘tkazilganda, bir marta ishlatiladigan tibbiy asbob va anjomlar qayta ishlatilganda, sterillanmagan tibbiyot anjomlari (ginekologik, stomatologik, jarrohlik va boshqalar)dan foydalanilganda, shuningdek giyohvand moddani in’eksiya yo‘li bilan qabul qilishda boshqa shaxs ishlatgan vositalarni ishlatganda yuqishi mumkin.

Vertikal yo‘l - OIV infeksiyali onadan homilaga homiladorlik davrida (prenatal), tug‘ish paytida (intranatal) va emizishda (postnatal) yuqadi. Kasallikning qon qoldiqlari mavjud bo‘lgan shaxsiy gigiena buyumlari (tish cho‘tkasi, soqol olish anjomi, teri qoplami butunligini buzib bajariladigan muolajalar uchun ishlatiladigan, sanchiluvchi va o‘tkir kesadigan buyumlar) orqali yuqishi istisno qilinmaydi.

OIV infeksiyasi qon so‘ruvchi hasharotlar (kana, bit, chivin) chaqishi orqali yuqmaydi. OIV infeksiyasini shifoxona ichi sharoitida yuqishini oldini olish maqsadida tibbiy yordam uchun murojaat etgan har bir bemorga OIV yuqtirishi ehtimoli mavjud bo‘lgan shaxs deb qarash zarur. Muolajalar universal himoya choralari talablariga rioya qilingan holda bir marta ishlatiladigan shpris, igna, sistemalar va boshqa tibbiy asbob-anjomlar bilan amalga oshirilishi kerak.

Ko‘p marta ishlatiladigan tibbiy asbob-anjomlar sterillangan bo‘lishi, tibbiy yordamning barcha turlarida xavfsizlik choralariga qat’iy amal qilinishi kerak. davolash-profilaktika muassasasining har bir tibbiy xodimi bemorlarga yordam ko‘rsatayotgan vaqtida OIV yuqish xavfini yodda tutishi, virus bilan zararlanishning oldini olish uchun zararsizlantirish va sterilizasiya qoidalariga amal qilishlari lozim.